Asosiy matnga o‘tish
amoCRM

amoCRM va Conversions API: voronka bosqichlarini Meta’ga qanday yuborish kerak

Sardor Rakhmonkulov7 daqiqada o‘qiladi

Qisqa javob

amoCRM’ni Meta Conversions API’ga ulash — voronka bosqichini Meta eventiga bog‘lash degani. Bitim “sifatli lid” bosqichiga kirsa, Meta’ga QualifiedLead ketadi, sotuv bosqichiga kirsa — summasi bilan Purchase. Buning uchun amoCRM tokeni va webhook’i, Meta tokeni va Dataset ID’si kerak. Meta lidni lid ID’si hamda telefon va e-mailning SHA-256 xeshi bo‘yicha taniydi. Eski bitimlar yuborilmaydi.

Qisqacha

  • Bosqich → event: bitim belgilangan bosqichga kirganda Meta’ga bitta signal ketadi — Lead, QualifiedLead yoki Purchase.
  • QualifiedLead — menejer lidni maqsadli deb tasdiqlagan birinchi bosqich; Purchase — to‘lov bosqichi, bitim summasi bilan.
  • Kommo’ning o‘z CAPI integratsiyasi, hujjatiga ko‘ra, Instagram, Messenger va WhatsApp manbalari uchun ishlaydi va ikki event yuboradi; lid formalar u hujjatda tilga olinmagan.
  • Meta lidni lid ID’si va telefon yoki e-mail xeshi bo‘yicha taniydi; ism yuborilmaydi.
  • Uch asosiy xato: tarixni yuborish, bitta eventni takrorlash, juda kam uchraydigan eventga optimallashtirish.

“amoCRM Conversions API” yoki “amoCRM Meta integratsiya” deb qidirgan odamga odatda bitta narsa kerak: amoCRM’dagi natijani Meta’ga ko‘rsatish. Reklama kabineti lid formani kim to‘ldirganini biladi, xolos. Kim telefonni ko‘targani, kim uchrashuvga kelgani va kim to‘lagani amoCRM’da qoladi. Shuning uchun algoritm forma to‘ldiradiganlarni qidiradi, sotib oladiganlarni emas.

Bir misol. Avtomaktab loyihasida 02–08.10.2026 haftasida reklamadan 863 ta lid keldi, 335 tasi sifatli chiqdi, 36 tasi sotib oldi. Meta o‘zi 863 ta lidni ko‘rdi, 36 ta sotuvning birortasini ko‘rmadi. Conversions API (CAPI) shu bo‘shliqni yopadi.

“Bosqich event bo‘ladi” degani nima?

Bosqich → event

amoCRM voronkasidagi bosqichga Meta eventi biriktiriladi. Bitim shu bosqichga kirganda amoCRM webhook yuboradi va Meta’ga Conversions API orqali o‘sha lid bo‘yicha bitta event ketadi: nomi, vaqti va lidni tanish uchun xeshlangan ma’lumot bilan.

CAPI Platform (capip.uz) buni “Voronka” sahifasida qiladi: amoCRM’dagi har bir voronka o‘z bosqichlari bilan jadval bo‘lib chiqadi. Har bosqichga ikki narsa beriladi — hisobotdagi ma’nosi (yangi lid, sifatli lid, sotuv, sifatsiz lid) va, kerak bo‘lsa, Meta’ga ketadigan event. Event uch xil: Lead, QualifiedLead, Purchase. Bitta lid bo‘yicha har bir event faqat bir marta ketadi — bitim bosqichlar orasida oldinga-orqaga yursa ham.

Voronka sozlamalari: CRM’dagi sifatli lid bosqichi hisobotda “Sifatli lid” deb belgilangan va Meta’ga QualifiedLead eventini yuboradi.
Voronka sozlamalari: “sifatli lid” bosqichiga QualifiedLead eventi bog‘langan. Dastur ekrani, misol loyihadan.

QualifiedLead va Purchase uchun qaysi bosqichni tanlash kerak?

EventQaysi bosqichTekshiruv savoli
LeadVoronkaning birinchi ochiq bosqichi — ariza tushadigan joyHamma yangi lid shu yerga tushadimi?
QualifiedLeadMenejer gaplashib, lidni maqsadli deb tasdiqlagan birinchi bosqich: “Uchrashuv belgilandi”, “Sinov darsiga yozildi”Bu bosqichga lidlarning faqat bir qismi yetadimi?
PurchaseTo‘lov tushgan bosqich — amoCRM’da odatda «Успешно реализовано»Bitimda summa yozilganmi?
Uch event va ularga mos amoCRM bosqichlari

Birinchi taxminni platforma o‘zi qo‘yadi: birinchi ochiq bosqich — Lead, «Успешно реализовано» — Purchase. “Sifatli lid” bosqichini siz belgilaysiz: qaysi bosqich maqsadli mijozni anglatishini faqat sotuv bo‘limi biladi. Undan keyingi ishchi bosqichlarni ham “sifatli” deb belgilang — menejer bitimni bir bosqich tashlab o‘tkazsa ham, lid sanaladi, event esa baribir bir marta ketadi.

Meta dasturchilar hujjatida mo‘ljal bor: tanlangan bosqichga lidlarning 1–40 % yetishi va bu 28 kun ichida bo‘lishi kerak. Hamma lid o‘tadigan bosqich (“Bog‘lanildi”) sifatli lidni sifatsizdan ajratmaydi. Yuzdan bittasi yetadigan bosqich esa juda kam signal beradi.

Formula · Bosqichga yetish ulushi

bosqichga yetgan lidlar ÷ jami lidlar × 100 %

Misol: Avtomaktab, 02–08.10.2026: 335 ÷ 863 = 39 % lid “sifatli lid” bosqichiga yetdi.

Purchase bitim summasi bilan ketadi — amoCRM’dagi «Бюджет», reklama akkaunti valyutasiga o‘girilib. Summa yozilmagan bo‘lsa, event summasiz ketadi. Bitim to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotuv bilan yopilsa, Purchase bilan birga QualifiedLead ham yuboriladi.

Voronka sozlamalari: “Sotuv” deb belgilangan ikki bitim bosqichi Meta’ga Purchase eventini yuboradi.
Voronka sozlamalari: sotuv bosqichlariga Purchase eventi bog‘langan. Dastur ekrani, misol loyihadan.

Natijani va’da qilmaymiz, lekin Meta’ning o‘z o‘lchovi bor. Uning xabar berishicha, CRM’ni Conversions API orqali ulab, lid formali kampaniyani sifatli lidga optimallashtirgan reklama beruvchilarda sifatli lid narxi o‘rtacha 19 % past chiqqan: 567 reklama beruvchi qatnashgan A/B test, 13–27.01.2025. Bu — Meta’ning testi, CAPI Platform natijasi emas.

Kommo’ning o‘z CAPI integratsiyasi nimani qamraydi?

amoCRM xalqaro bozorda Kommo nomi bilan sotiladi, va Kommo’ning o‘z Meta Conversions API integratsiyasi bor. Quyida — uning yordam markazidagi hujjatda yozilgani; hujjat 19.05.2026 da yangilangan, biz 09.10.2026 da o‘qidik.

SavolKommo hujjatida yozilgani
Qaysi manbalar uchunInstagram, Messenger va WhatsApp Cloud API — yozishma orqali kelgan murojaatlar
Qaysi eventlarIkkita: Lead va Purchase
Nima ishga tushiradiVoronka bosqichi yoki Salesbot
Natija qayerda ko‘rinadiMeta Events Manager’da
Qaysi tarifda1-iyundan boshlab — faqat Pro tarifida
Lid formalarCAPI hujjatida tilga olinmagan. Alohida integratsiya sahifasiga ko‘ra, Kommo lid forma lidlarini barcha tariflarda o‘zi qabul qiladi
Kommo’ning o‘z Meta CAPI integratsiyasi — hujjatiga ko‘ra

Reklamangiz odamni Direct yoki WhatsApp’dagi yozishmaga olib borsa, Kommo’ning integratsiyasi aynan shu holat uchun: CAPI Platform bunday lidlarni e’longa avtomatik bog‘lamaydi. Lid forma reklamasi uchun esa hujjatda ikki narsa tilga olinmagan: Lead bilan Purchase orasidagi event — sifatli lid — va reklama xarajati bilan bog‘langan hisobot. Shu ikkisini CAPI Platform qiladi: batafsil amoCRM integratsiyasi sahifasida.

amocrm.ru akkauntlarida Kommo’ning bu integratsiyasi bor-yo‘qligini biz tekshirmaganmiz: o‘z akkauntingizda qarang. Tarif nomi va shartlarini Kommo’ning joriy narxlar sahifasidan aniqlang.

Meta lidni tanishi uchun nima kerak?

Event Meta’ga yetib borishi yetarli emas: Meta uni reklamani ko‘rgan odamga bog‘lay olishi kerak. Buning uchun eventda kamida bitta kalit bo‘lishi shart.

  • Meta lid ID’si — lid formadan kelgan har bir lidning 15–17 xonali raqami. Lid forma reklamasi uchun eng aniq kalit shu.
  • Telefon va e-mailning SHA-256 xeshi. Raqam avval bir xil ko‘rinishga keltiriladi: 9 xonali o‘zbek raqamiga 998 qo‘shiladi, keyin xeshlanadi.
  • Klik belgilari — fbclid, _fbc, _fbp: saytingiz arizani amoCRM’ga o‘zi yozsa va ularni bitimga qo‘shsa. Platformaning sayt formalari amoCRM bilan ishlamaydi.

Ism Meta’ga yuborilmaydi. Bu kalitlardan birortasi ham yo‘q bitim bo‘yicha event o‘tkazib yuboriladi — jurnalda sababi yoziladi.

Lid ID’si qayerdan olinadi? Lidni amoCRM’ga CAPI Platform’ning o‘zi yetkazsa, ID platformada bor: bitim o‘sha lidga o‘zi bog‘lanadi. Lidni boshqa integratsiya yozsa, platforma ulangan sahifalar formalaridagi lidlarni Meta’dan o‘qiydi va bitimni ularning orasidan qidiradi: ID bitim maydonida yozilgan bo‘lsa — shu bo‘yicha, bo‘lmasa — telefon yoki e-mail xeshi bo‘yicha (forma to‘ldirilganidan keyin 72 soat ichida ochilgan bitimlar). Kalit qancha to‘liq bo‘lsa, moslik sifati shuncha yuqori.

amoCRM’ni Conversions API’ga qanday ulash kerak? 7 qadam

Biz ulab bersak — 3 kun: 1-kuni amoCRM ulanadi, 2-kuni bosqichlar siz bilan birga eventlarga bog‘lanadi, 3-kuni sinov signali ketadi. O‘zingiz ulasangiz ham tartib shu.

  1. 1

    amoCRM’da uzoq muddatli token oling

    amoCRM → «Настройки» → «Интеграции» → shaxsiy integratsiya yarating → «Ключи и доступы» → «Долгосрочный токен». Token platformada shifrlangan holda saqlanadi.

  2. 2

    amoCRM’ni loyihaga ulang

    “Ulanishlar” sahifasida akkaunt manzilini (masalan, kompaniya.amocrm.ru; amocrm.com va kommo.com ham qabul qilinadi) va tokenni kiriting. Voronkalar o‘qiladi, oxirgi 30 kunlik tarix hisobotga yuklanadi.

  3. 3

    amoCRM’ga webhook qo‘shing

    «Настройки» → «Интеграции» → Webhooks: platforma bergan manzilni qo‘shing va uch hodisani belgilang — «Сделка добавлена», «Сделка изменена», «Статус сделки изменён». Shundan keyin bosqich o‘zgarishi platformaga o‘sha zahoti yetib keladi.

  4. 4

    Meta’ni ulang

    Meta System User tokeni va Dataset (Pixel) ID kerak: ID Events Manager’ning Data sources bo‘limida turadi. Token ruxsatlari ulash paytida tekshiriladi.

  5. 5

    Bosqichlarni eventlarga bog‘lang

    “Voronka” sahifasida qaysi bosqich sifatli lid, qaysi biri sotuv ekanini belgilang. Bu bir martalik ish: ikki-uch bosqich.

  6. 6

    Sinov eventini yuboring

    “Sinov eventi yuborish” tugmasi Meta’ga bitta zararsiz CapiPlatformTest eventini jo‘natadi. Meta qabul qilsa — token, dataset va yo‘l ishlayapti.

  7. 7

    Ads Manager’da maxsus konversiya yarating

    QualifiedLead eventidan custom conversion yarating — kampaniyani sifatli lidga optimallashtirish shu orqali ochiladi.

Events Manager’da qanday tekshiriladi?

  1. Events Manager → Test events bo‘limidan sinov kodini oling va platformadagi Test event code maydoniga kiriting.
  2. “Sinov eventi yuborish” tugmasini bosing: Test events bo‘limida CapiPlatformTest eventi paydo bo‘ladi.
  3. Kodni o‘chiring. Kod turganda eventlar faqat test ko‘rinishiga boradi.
  4. Birinchi yangi bitim “sifatli lid” bosqichiga o‘tganda platformaning “CAPI eventlar” jurnalida QualifiedLead qatori “Yuborildi” holatida chiqadi, Events Manager’da esa shu nomli event paydo bo‘ladi.
CAPI eventlari jurnali: Meta’ga yuborilgan Purchase, Lead va QualifiedLead eventlari, har biri “Yuborildi” holatida.
CAPI eventlar jurnali: vaqt, event va holat. Dastur ekrani, misol loyihadan.

Eski bitimni bosqichga surib tekshirmang: ulanishdan oldingi bitimlar bo‘yicha event ketmaydi. Jurnalda to‘rt holat bor — navbatda, yuborildi, xato, o‘tkazib yuborildi. Xato bo‘lsa, event qayta yuboriladi: 1 daqiqadan 24 soatgacha oraliq bilan. Shu sahifada amoCRM’dan kelgan webhook’lar jurnali ham turadi: eventlar to‘xtab qolsa, birinchi shu yerga qaraladi.

Qaysi xatolar eng ko‘p uchraydi?

XatoNima bo‘ladiTo‘g‘risi
Tarixni yuborishOylar oldingi bitimlar bugungi natija bo‘lib ketadi; 7 kundan eski eventni Meta baribir qabul qilmaydiTarix faqat hisobot uchun. Platformada ulanishdan oldingi bitimlar va yaratilganidan 24 soat o‘tib birinchi marta ko‘ringan lidlar bo‘yicha event ketmaydi
Bitta eventni takrorlashBitim bosqichga qaytsa yoki sayt Pixel’i ham Lead yuborsa, bitta odam ikki marta sanaladiBir lid — bir event. Pixel Lead’ni o‘zi yuborsa, bosqichdan Lead’ni olib tashlang
Juda kam uchraydigan eventHaftasiga o‘n-yigirmata Purchase bilan algoritm kam misol oladiKampaniyani QualifiedLead’ga optimallashtiring; Purchase summa bilan boraversin

Kam uchraydigan event haqida misol. O‘quv markaz loyihasida 02–08.10.2026 haftasida 330 ta sifatli lid va 18 ta sotuv bo‘ldi. Kampaniya QualifiedLead’ga optimallashtirilsa, Meta haftasiga 18 ta emas, 330 ta misol oladi.

amoCRM’dagi bosqichlar Meta’ga signal bo‘lib qaytsin

Google akkauntingiz bilan ro‘yxatdan o‘tib, amoCRM va Meta’ni o‘zingiz ulang — yoki ariza qoldiring: 3 kunda ulab beramiz. O‘rnatish 159 $ bir marta, keyin oyiga 40 $.

Savol-javob

amocrm.ru va Kommo akkauntlari ham ulanadimi?

Ha. amocrm.ru, amocrm.com va kommo.com manzillari qabul qilinadi. Ulanish uchun akkaunt manzili va uzoq muddatli token kerak; token platformada shifrlangan holda saqlanadi. Bitta loyihaga bitta akkaunt ulanadi.

amoCRM’dagi eski bitimlar Meta’ga yuboriladimi?

Yo‘q. Ulanganda oxirgi 30 kunlik tarix faqat hisobotga yuklanadi. Event ulangandan keyin belgilangan bosqichga kirgan bitimlar bo‘yicha ketadi. 7 kundan eski voqealar umuman yuborilmaydi — Meta ularni qabul qilmaydi.

QualifiedLead — Meta’ning standart eventimi?

Yo‘q. U maxsus nom bilan, Meta’ning CRM uchun “Conversion Leads” formatida yuboriladi. Kampaniyani shu eventga optimallashtirish uchun Ads Manager’da undan maxsus konversiya (custom conversion) yaratiladi. Eventga boshqa nom berish ham mumkin: lotin harflari, raqamlar va pastki chiziq.

Kommo’ning o‘z CAPI integratsiyasi bo‘lsa, yana nimadir kerakmi?

Kanalingizga bog‘liq. Kommo hujjatiga ko‘ra, uning integratsiyasi Instagram, Messenger va WhatsApp Cloud API manbalari uchun ishlaydi va Lead hamda Purchase yuboradi; lid forma lidlari u hujjatda tilga olinmagan. Lid forma reklamasida QualifiedLead va kreativ bo‘yicha hisobot kerak bo‘lsa, buni CAPI Platform qiladi.

Oyiga nechta lid bo‘lsa, amoCRM’ni CAPI’ga ulashning ma’nosi bor?

Event yuborish uchun minimal son yo‘q: har bir bosqich o‘zgarishi alohida ketadi, hisobot ham har qanday hajmda ishlaydi. Meta’ning sifatga optimallashtirishi uchun hajm kerak: dasturchilar hujjatida oyiga kamida 200 ta lid aytilgan, yangiroq “Conversions API for CRM” sahifasida esa minimal hajm yo‘q, 200 va undan ko‘p lid — tavsiya. Ikkala sahifa manbalarda.

amoCRM’ni ulash qancha vaqt oladi va qancha turadi?

Biz ulab bersak — 3 kun. O‘rnatish 159 $ bir marta (lid integratsiyasi shu narxga kiradi), keyin oyiga 40 $: CAPI, hisobot, Telegram hisobotlar va oyiga 4 000 lidgacha lid integratsiyasi. Sizdan amoCRM’ga va Meta reklama akkauntiga kirish kerak. Batafsil: narxlar.

Manbalar

  1. 1Set up Meta Conversions API (CAPI) — Kommo yordam markazi — Kommo
  2. 2Facebook lid formalari integratsiyasi — Kommo
  3. 3Conversion Leads integration — Meta for Developers
  4. 4Conversions API for CRM — Meta

Muallif

Sardor Rakhmonkulov

Performance-marketolog va targetolog, 6 yillik tajriba

Chiqdi: