Sifatli lidga optimizatsiya: Meta reklamani sotuvga qanday o‘rgatish mumkin?
Sardor Rakhmonkulov8 daqiqada o‘qiladi
Meta kampaniyasi o‘ziga berilgan natijani ko‘paytiradi: lid formali kampaniyada bu — yuborilgan forma, shuning uchun algoritm forma to‘ldiradiganlarni topadi. Sifatli lidga optimizatsiyada CRM’dagi “sifatli lid” bosqichi Conversions API orqali Meta’ga QualifiedLead signali bo‘lib qaytadi, Ads Manager’da undan maxsus konversiya yaratiladi va kampaniya maqsadi lid soni emas, shu konversiya bo‘ladi. Natija lid narxi bilan emas, sifatli lid narxi (CPQL) bilan o‘lchanadi.
Qisqacha
- Meta faqat o‘ziga yetib kelgan natijadan o‘rganadi: signal faqat forma bo‘lsa, forma to‘ldiradiganlarni topadi.
- Signal bosqichi tez-tez va erta bo‘lsin: Meta hujjatida — lidlarning 1–40 % yetadigan va 28 kun ichida sodir bo‘ladigan bosqich.
- Avtomaktab, 02–08.10.2026: 863 ta liddan 335 tasi sifatli (39 %), 36 tasi sotuv — sifatli lid bosqichi 9 baravar ko‘p signal beradi.
QualifiedLeadstandart event emas: undan maxsus konversiya yaratiladi va kampaniya shunga optimallashtiriladi.- Maqsad almashgach, lid narxiga emas, sifatli lid ulushi, CPQL va CAC’ga qaraladi.
Sifatli lidga optimizatsiya — Meta (Facebook va Instagram) kampaniyasiga “lid olib kel” emas, “sotuv bo‘limi tasdiqlagan lid olib kel” degan vazifa berish. Reklamani sotuvga o‘rgatish shundan boshlanadi. Quyida: algoritm nimadan o‘rganadi, qaysi bosqich signal bo‘ladi, nechta signal yetadi, sozlash tartibi va natija qaysi raqam bilan o‘qiladi. Misollar — real hisobotdan: avtomaktab, 02–08.10.2026.
Meta algoritmi nimadan o‘rganadi?
Faqat o‘ziga yetib kelgan natijadan. Lid formali kampaniyada bu natija bitta: forma yuborildi. Algoritm shuni ko‘paytiradi va arzonlashtiradi — formani oson to‘ldiradigan odamlarni topadi. Odam telefonni ko‘tardimi, sotib oldimi — bu CRM’da bilinadi va o‘zidan o‘zi Meta’ga yetib bormaydi.
Avtomaktabning bir haftasida Meta 863 ta lidni sanadi. Shu haftadagi 36 ta sotuv esa CRM’da yopildi — CRM xabar bermasa, Meta sotuv haqida bilmaydi. Signal bo‘lmasa, algoritm uchun 863 ta lidning hammasi bir xil “natija” va u forma to‘ldiradiganlarni qidiradi; signal bilan — sifatli chiqqan va sotib olganlarga o‘xshaganlarni. Signalni CRM’dan Meta’ga Conversions API olib boradi.
Sifatli lidga optimizatsiya — kampaniya maqsadi sifatida lid sonini emas, CRM’da sifatli deb tasdiqlangan lidlarni tanlash. Buning uchun CRM’dagi bosqich o‘zgarishi Conversions API orqali Meta’ga signal bo‘lib qaytadi. Meta bu usulni Conversion Leads deb ataydi.
Qaysi bosqichni “sifatli lid” deb belgilash kerak?
Bosqich ikki shartga javob bersin: tez-tez va erta sodir bo‘lsin. Meta’ning dasturchilar uchun hujjatidagi mezon — lidlarning 1–40 % yetib boradigan va lid kelganidan keyin 28 kun ichida sodir bo‘ladigan bosqich. Mantig‘i oddiy: deyarli hamma yetadigan bosqich algoritmga hech narsa aytmaydi, kam uchraydigani esa yetarli misol bermaydi.
| CRM bosqichi | Signal sifatida | Sabab |
|---|---|---|
| Yangi lid, “qo‘ng‘iroq qilindi” | Juda erta | Deyarli har bir lid yetadi — Meta uchun bu oddiy lidning takrori |
| Sifatli lid: menejer gaplashdi va xaridor ekanini tasdiqladi | Mos | Tez-tez va erta bo‘ladi: 863 ta liddan 335 tasi (39 %) |
| Uchrashuv, taklif, to‘lov kutilmoqda | Mos — hajm yetsa | Xaridorni aniqroq ajratadi, lekin kamroq uchraydi |
| Sotuv | Ko‘pincha kech va kam | Haftada 36 ta: sifatli lid bosqichidan 9 baravar kam signal |
Avtomaktabda sifatli lid ulushi haftada 39 % — Meta mezonining yuqori chegarasida; 30 kunda (09.09–08.10.2026) u 44 %, o‘quv markazda 48 % bo‘lgan. Ulush 40 % dan barqaror yuqori tursa, signalni bir bosqich keyinroqqa ko‘chirishni o‘ylab ko‘ring: CAPI Platform’da istalgan bosqichga o‘zingiz nom bergan event bog‘lanadi.

Sotuv signali baribir yuboriladi: Purchase bitimda summa bo‘lsa, summa va valyutasi bilan ketadi. Gap faqat kampaniya qaysi eventga optimallashtirilishida.
Nechta signal yetarli?
Meta’ning ikki sahifasi ikki xil yozadi. Dasturchilar hujjatida — oyiga kamida 200 ta lid va signallarni kamida kuniga bir marta yuborish. Yangiroq marketing sahifasida — minimal hajm yo‘q, 200+ faqat tavsiya, bitta konversiya eventiga ham optimallashtirish mumkin. Amaliy xulosa: 200 ni mo‘ljal deb oling, lekin lid kam bo‘lsa ham signal yuborishni boshlang.
Bosqich tanlashda ham shu hisob ishlaydi. Avtomaktabda sifatli lid bosqichi haftasiga 335 ta signal bera oladi — kuniga qariyb 48 ta; sotuv bosqichi — 36 ta, kuniga 5 ta atrofida. Lid oqimi kichik loyihada kech bosqich algoritmga juda kam misol beradi.
Vaqt haqida: Meta hujjatida 2–4 haftalik o‘rganish bosqichi ko‘rsatilgan. Birinchi kunlardagi raqamga qarab xulosa qilinmaydi.
Sifatli lidga optimizatsiya qanday yoqiladi?
- 1
CRM bosqichini signalga bog‘lang
CAPI Platform’ning “Voronka” sahifasida sifatli lid bosqichiga
QualifiedLead, sotuv bosqichigaPurchasebelgilanadi. Lid shu bosqichga o‘tishi bilan event Meta’ga o‘zi ketadi. Bitrix24, amoCRM yoki capiCRM ulanadi. - 2
Signal ketayotganini tekshiring
“Sinov eventi yuborish” tugmasi token, Dataset va butun yo‘lni tekshiradi. Keyin har bir signal “CAPI eventlar” jurnalida turadi: vaqti, nomi va holati bilan. Avval signal to‘plansin.
- 3
Maxsus konversiya yarating
QualifiedLead— Meta’ning standart eventi emas, platforma uni shu nom bilan yuboradi. Shuning uchun Ads Manager’da (Events Manager → Custom conversions) undan maxsus konversiya yaratiladi: manba — o‘z Dataset’ingiz, event —QualifiedLead. - 4
Yangi ad set’da maqsadni almashtiring
Natija maqsadi sifatida lid sonini emas, sifatli lidlarni tanlang (ruscha interfeysda — «Максимальное число конвертированных лидов») va konversiya sifatida o‘zingiz yaratgan maxsus konversiyani ko‘rsating. Dataset shu reklama akkauntiga ulangan bo‘lishi shart.
- 5
Eski ad set bilan yonma-yon sinang
Kreativ, forma va auditoriya bir xil, farq faqat maqsadda bo‘lsin. Ishlab turgan ad set’ni tahrirlamang: solishtiradigan narsa qolmaydi.
- 6
Natijani CPQL bilan o‘qing
O‘rganish bosqichi o‘tgach, hisobotda ikki ad set’ning sifatli lid ulushi, CPQL va sotuvini solishtiring.
Lid formali kampaniyani CAPI Platform’ning “Kampaniya yaratish” sahifasidan ham ochish mumkin: u yerda maqsad sifatida “Sifatli lidlar (CAPI)” tanlanadi. Sharti o‘sha: CAPI yoqilgan va Dataset reklama akkauntiga ulangan.
Raqamlarda nima o‘zgaradi va ularni qanday o‘qish kerak?
Lid soni kamayishi, lid narxi esa oshishi mumkin. Bu kutilgan holat: algoritm endi eng arzon forma to‘ldiruvchini emas, sifatli chiqadigan odamni qidiradi. Shuning uchun maqsad almashgach, qaror lid narxiga qarab qilinmaydi.

CPQL = reklama xarajati ÷ sifatli lidlar soni
Misol: Avtomaktab, 02–08.10.2026: 885 $ ÷ 335 = 2,64 $. Shu haftada lid narxi 1,03 $, bitta mijoz narxi (CAC) — 24,58 $. Maqsadni almashtirishdan oldin o‘z haftangizning shu raqamlarini yozib oling: keyin aynan shular bilan solishtirasiz. To‘rt ko‘rsatkich bitta voronkada: CPL, CPQL, CAC va ROAS.
- Sifatli lid ulushi — birinchi bo‘lib o‘zgaradigan raqam. Avtomaktab haftasida u 39 %: 863 ta liddan 335 tasi.
- CPQL — asosiy o‘lchov. Lid qimmatlashsa ham, sifatli lid arzonlashsa, optimizatsiya ishlayapti.
- CAC — yakuniy hakam, lekin u kechikadi: sotuv sikli o‘tmaguncha xulosa qilmang. Avtomaktabda sotuv — sifatli lidlarning 11 %.
- Kogorta rejimi. Hisobotda “Kogorta (lid yaratilgan sana)” rejimini yoqing: shu davrda kelgan lidlarning o‘zidan nechtasi sifatli chiqqani va sotib olgani ko‘rinadi.
E’lon qilingan sinovlar nima ko‘rsatdi?
Uchta ochiq manba. Hech biri CAPI Platform natijasi emas va hech biri va’da emas: raqamlar manbada qanday e’lon qilingan bo‘lsa, shunday keltirilgan.
| Kim | Nima solishtirilgan | E’lon qilingan natija |
|---|---|---|
| TECOBI (AQSh, avtosalonlar marketingi) | A/B sinov: lid soniga optimizatsiya va CRM Conversions API orqali ulangan holda sifatli lidga optimizatsiya; kreativ, format va target bir xil | Konversiya 68 % yuqori, sifatli lid narxi 8 % past (Meta Blueprint darsi, 2022) |
| Univo (Hindiston, onlayn ta’lim) | CRM eventlari Conversions API orqali va Conversion Leads optimizatsiyasi — odatdagi ish tartibiga nisbatan | Liddan o‘qishga qabulgacha konversiya ~3 baravar yuqori, bitta qabul narxi ~2 baravar past (Datahash; 2024-yil 8–30-may ko‘rsatkichlari) |
| Meta, 567 reklama beruvchi | Byudjeti nazorat qilingan A/B sinov: lid formalarda CRM uchun Conversions API va sifatli lidlar soniga optimizatsiya | Sifatli lid narxi o‘rtacha 19 % past (2025-yil 13–27-yanvar) |
TECOBI raqamlarini birga o‘qing: konversiya 68 % yuqori, sifatli lid narxi esa atigi 8 % past. Yutuq arzon lidda emas, lidlarning kimligida. Univo raqamlari mijozning Meta’ga bergan ko‘rsatkichlariga asoslangan.
Qanday xatolar natijani buzadi?
- Bosqich juda keng. Telefonni ko‘targan har bir lid “sifatli” bo‘lsa, signal oddiy liddan farq qilmaydi.
- Bosqich juda kech. Haftasiga sanoqli sotuv bilan algoritmga misol yetmaydi.
- Kartochka surilmaydi. Signal bosqich o‘zgargan paytda ketadi: lid CRM’da bir hafta joyida tursa, Meta ham bir hafta hech narsa bilmaydi.
- “Sifatli” har menejerda har xil. Bitta yozma mezon kelishib oling: kim sifatli, kim yo‘q.
- Eski lidlardan natija kutiladi. Ulanishda yuklangan 30 kunlik tarix faqat hisobotga tushadi, Meta’ga yuborilmaydi. Algoritm signal kela boshlagan kundan o‘rganadi.
- O‘rganish paytida tahrir. Bosqichni, maqsadni va byudjetni har kuni o‘zgartirsangiz, solishtiradigan davr qolmaydi.
Sifatli lid signalini 3 kunda yo‘lga qo‘yamiz
1-kun — CRM ulanadi, 2-kun — bosqichlar siz bilan birga signallarga bog‘lanadi, 3-kun — sinov signali, keyin signallar oqadi. O‘rnatish — 159 $ bir marta, keyin oyiga 40 $.
Savol-javob
Oyiga 200 ta liddan kam bo‘lsa ham sifatli lidga optimallashtirsa bo‘ladimi?
Meta’ning dasturchilar uchun hujjatida oyiga kamida 200 ta lid ko‘rsatilgan, yangiroq marketing sahifasida esa minimal hajm yo‘qligi va 200+ faqat tavsiya ekani yozilgan. Ya’ni yoqish mumkin, lekin signal qancha kam bo‘lsa, algoritm shuncha sekin o‘rganadi. Lid kam bo‘lsa, erta bosqichni tanlang: sotuv emas, sifatli lid.
Nega to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotuvga (Purchase) optimallashtirmaslik kerak?
Mumkin — sotuv tez va ko‘p bo‘lsa. Meta mezoni: bosqich lid kelganidan keyin 28 kun ichida sodir bo‘lsin va lidlarning 1–40 % unga yetsin. Avtomaktabning bir haftasida 335 ta sifatli lidga 36 ta sotuv to‘g‘ri keldi: sotuv signali 9 baravar kam. Purchase baribir yuboriladi; savol faqat kampaniya qaysi eventga o‘rgatilishida.
Optimizatsiyadan keyin lid narxi oshdi. Bu yomonmi?
Yo‘q, agar sifatli lid narxi (CPQL) tushgan yoki o‘sha narxda sotuv ko‘paygan bo‘lsa. Maqsad almashgach, lid narxi asosiy o‘lchov bo‘lmay qoladi: algoritm arzon forma to‘ldiruvchini emas, sifatli chiqadigan odamni qidiradi. Sifatli lid ulushi, CPQL va CAC’ga qarang.
Bu faqat lid formali kampaniyalarda ishlaydimi?
Meta’ning dasturchilar uchun hujjatida Conversion Leads lid formalar (Instant Forms) uchun tasvirlangan. Meta’ning lid maqsadi haqidagi sahifasida esa lid sifatiga optimizatsiya lid forma va sayt formasi uchun mavjud deyilgan. CAPI Platform’da sayt formasidan kelgan arizalar capiCRM va Bitrix24’ga tushadi.
Natija qancha vaqtda ko‘rinadi?
Meta hujjatida o‘rganish bosqichi 2–4 hafta deb ko‘rsatilgan. Birinchi bo‘lib sifatli lid ulushi o‘zgaradi, sotuv va CAC esa sotuv siklingiz uzunligicha kechikadi. Hech kim aniq natijani va’da qila olmaydi: u kreativ, forma va sotuv bo‘limi ishiga ham bog‘liq.
Eski lidlar ham Meta’ga yuboriladimi?
Yo‘q. CRM ulanganda oxirgi 30 kunlik tarix faqat hisobotga yuklanadi. Signallar ulanishdan keyin, lid belgilangan bosqichga o‘tgan paytda ketadi. Telefon va e-mail Meta’ga faqat SHA-256 xesh ko‘rinishida boradi, ism yuborilmaydi.
Manbalar
- 1Conversion Leads integration — Meta for Developers
- 2Conversions API for CRM — Meta
- 3Generate high-quality leads (TECOBI case study) — Meta Blueprint
- 4Univo case study — Datahash
- 5Lead generation ad objective — Meta
Yana o‘qing
- Lid sifati
Lid ko‘p, sotuv yo‘q: lidlar sifatsiz bo‘lsa nima qilish kerak?
Arzon lid nega sotmaydi: real hisobotdan ikki kreativ, uch tomondagi sabablar va 7 qadamli tuzatish tartibi.
7 daqiqada o‘qiladi
- Ko‘rsatkichlar
CPL, CPQL, CAC va ROAS nima? Lid narxidan sotuvgacha to‘rt formula
To‘rt ko‘rsatkich, to‘rt formula va bitta real hafta: 885 $ xarajat → 863 ta lid → 335 ta sifatli lid → 36 ta sotuv.
7 daqiqada o‘qiladi
- CAPI
Facebook Pixel va Conversions API: farqi nimada va qaysi biri kerak?
Pixel saytdagi harakatni ko‘radi, Conversions API CRM’dagi sotuvni yuboradi. Taqqoslash jadvali, avtomaktabning haftalik raqamlari va CRM bo‘lsa CAPI’ni ulash tartibi.
7 daqiqada o‘qiladi