Asosiy matnga o‘tish
CAPI

Facebook Pixel va Conversions API: farqi nimada va qaysi biri kerak?

Sardor Rakhmonkulov7 daqiqada o‘qiladi

Qisqa javob

Meta Pixel — saytga qo‘yiladigan kod: u brauzerda ishlaydi va saytdagi harakatni ko‘radi. Conversions API (CAPI) serverda ishlaydi va CRM’dagi natijani — sifatli lid va sotuvni — Meta’ga yuboradi. Biri ikkinchisining o‘rnini bosmaydi: sayt bo‘lsa, ikkalasi birga ishlaydi. Sotuv CRM’da yopilsa, uni Meta’ga faqat CAPI yetkazadi; faqat lid forma bilan ishlasangiz, CAPI’ning o‘zi yetarli.

Qisqacha

  • Pixel — brauzerda: saytdagi harakatni ko‘radi. Conversions API — serverda: CRM’dagi natijani yuboradi.
  • Sotuv CRM’da yopiladi. Avtomaktabning bir haftasida Meta 863 ta lidni sanadi, 36 ta sotuv esa Pixel yo‘q joyda bo‘ldi.
  • Sayt bo‘lsa — ikkalasi birga ishlaydi. Faqat lid forma bo‘lsa — CAPI’ning o‘zi yetarli.
  • Bitta eventni ikkalasi ham yuborsa, event nomi va event_id bir xil bo‘lishi shart — aks holda lid ikki marta sanaladi.
  • Meta sinovi: CRM uchun CAPI va sifatli lidga optimallashtirish bilan sifatli lid narxi o‘rtacha 19 % arzon chiqqan (567 reklama beruvchi, 2025-yil yanvar).

“Pixel bor, CAPI kerakmi?” — qisqa javob: kerak, chunki Pixel va Conversions API farqi ular nimani ko‘rishida. Pixel saytdagi harakatni ko‘radi. Conversions API esa sotuv bo‘limida, CRM ichida bo‘lgan natijani Meta’ga yetkazadi.

Facebook Pixel nima va u nimani ko‘radi?

Meta Pixel (Facebook Pixel, piksel)

Meta Pixel — sayt sahifalariga qo‘yiladigan JavaScript kodi: u tashrif buyuruvchining brauzerida ishlaydi va saytdagi harakatni — sahifa ochilishi, tugma bosilishi, forma yuborilishini — Meta’ga event qilib yuboradi. Meta shu eventlar asosida Facebook va Instagram reklamasini o‘lchaydi va optimallashtiradi.

Pixel odamni brauzerdagi cookie orqali taniydi: _fbp va _fbc. Uning chegarasi ham shundan: Pixel faqat o‘zi turgan sahifada bo‘lgan narsani ko‘radi. Lid forma Facebook yoki Instagram ichida to‘ldirilsa, menejer mijozga qo‘ng‘iroq qilsa, to‘lov ofisda bo‘lsa — bularning hech birida Pixel yo‘q. Atama haqida batafsil: Meta Pixel.

Conversions API (CAPI) nima?

Conversions API (CAPI)

Conversions API — Meta’ning server interfeysi: biznes sayt, ilova yoki CRM’dagi hodisalarni — lid, sifatli lid, sotuv — brauzersiz, o‘z serveridan to‘g‘ridan-to‘g‘ri Meta’ga yuboradi.

CAPI ikki xil vazifada ishlatiladi. Sayt uchun CAPI Pixel yuborgan eventlarni server orqali takrorlaydi: brauzer signalni yo‘qotsa ham, u Meta’ga yetib boradi. CRM uchun CAPI saytda umuman bo‘lmaydigan natijani yuboradi: lid sifatli chiqdi, bitim sotuvga yopildi.

Bu maqola asosan ikkinchisi haqida, chunki lid bilan ishlaydigan biznesda sotuv saytda emas, CRM’da yopiladi. To‘liq tushuntirish: Conversions API nima.

Pixel va Conversions API farqi nimada?

Asosiy farq — signal qayerdan ketishida. Pixel uni mijozning brauzeridan yuboradi, Conversions API — biznesning serveridan yoki CRM’idan.

MezonMeta PixelConversions API
Qayerda ishlaydiMijozning brauzerida, sayt sahifasidaServerda: sayt serveri yoki CRM bilan Meta o‘rtasida
Nimani ko‘radiSahifa ochildi, tugma bosildi, saytdagi forma yuborildiServer yoki CRM bilgan natija: yangi lid, sifatli lid, sotuv va uning summasi
Nima to‘xtatadiReklama bloklagich, brauzerning cookie chekloviBrauzerga bog‘liq emas. CRM tartibsizligi to‘xtatadi: bosqich o‘zgarmasa, signal ham yo‘q
Nima kerakSayt va unga qo‘yilgan kodMeta tokeni, Dataset (Pixel) ID va CRM’ga ulanish. Sayt shart emas
Qanday eventlarSaytdagi harakatlar: PageView, saytdagi forma uchun LeadCRM bosqichlari: Lead, QualifiedLead, Purchase (summa va valyuta bilan)
DeduplikatsiyaEventni event_id bilan yuboradiXuddi shu event nomi va event_id bilan kelsa, Meta ikkalasini bitta deb sanaydi
Meta Pixel va Conversions API: olti mezon bo‘yicha taqqoslash

Brauzerdagi signalning zaif joyi ikkita. Safari JavaScript orqali qo‘yilgan cookie’larni 7 kun bilan cheklaydi (WebKit, 2019): odam saytga bir haftadan keyin qaytsa, cookie o‘chib bo‘lgan bo‘ladi. GWI ma’lumotiga ko‘ra, internet foydalanuvchilarining 29,5 % kamida ba’zan reklama bloklagich ishlatadi (2025-yil 2-chorak), bloklagich esa Pixel kodini yuklatmasligi mumkin. Server tomondan ketadigan signalga bularning ta’siri yo‘q.

CRM uchun CAPI odamni cookie bilan emas, boshqa kalitlar bilan taniydi: Meta lid ID’si hamda telefon va e-mailning SHA-256 xeshi. Telefon va e-mail Meta’ga faqat xesh ko‘rinishida boradi, ism esa umuman yuborilmaydi.

Nega Pixel’ning o‘zi yetmaydi?

Chunki sotuv Pixel yo‘q joyda yopiladi. Avtomaktab, 02–08.10.2026 haftasi: reklamaga 885 $ sarflandi, Meta 863 ta lidni sanadi — bittasi 1,03 $. Shu hafta CRM’da 36 ta sotuv yopildi. Sotuv qo‘ng‘iroq, uchrashuv va to‘lovdan keyin, sotuv bo‘limida bo‘ladi — u yerga Pixel yetmaydi.

lid — Meta sanadi
863
sotuv — CRM’da yopildibitta mijoz narxi (CAC) — 24,58 $
36
sotuv — Pixel ko‘ra oladiganito‘lov saytda emas, sotuv bo‘limida
0
Avtomaktab, 02–08.10.2026. Bitta loyihaning bitta haftasi — natija va’dasi emas.

Meta faqat o‘ziga aytilgan narsani biladi. Unga faqat lid aytilsa, u forma to‘ldiradiganlarni qidiradi va eng arzon lid bergan kreativni eng yaxshisi deb hisoblaydi. O‘sha haftada bir kreativ 79 ta lidni 0,87 $ dan berdi va bitta ham sotuv keltirmadi; boshqasi 77 ta lidni 1,28 $ dan berdi — 5 ta sotuv. Bu farqni Pixel emas, CRM ko‘radi.

CRM uchun CAPI shu natijani Meta’ga yetkazadi. Menejer bitimni sotuv bosqichiga o‘tkazishi bilan Purchase ketadi; bitimda summa yozilgan bo‘lsa — summasi bilan.

Voronka sozlamalari: “Sotuv” deb belgilangan ikki bitim bosqichi Meta’ga Purchase eventini yuboradi.
Voronka sozlamalari: “Sotuv” deb belgilangan ikki bitim bosqichi Meta’ga Purchase yuboradi. Dastur ekrani.

Pixel bor — Conversions API kerakmi? Ikkalasi ham kerakmi?

Ha, sayt bo‘lsa ikkalasi ham kerak: ular bir-birining o‘rnini bosmaydi, bitta datasetga yozadi va birga ishlaydi. Pixel reklamadan kelgan odam saytda nima qilganini ko‘rsatadi, CAPI — u keyin mijoz bo‘ldimi yoki yo‘q. Qaysi biri shart ekani sotuv qayerda yopilishiga bog‘liq.

Sizda nima borPixelConversions API
Sayt bor, ariza CRM’ga tushadi, sotuvni menejer yopadiKerak: saytdagi tashrif va arizani ko‘radiKerak: CRM’dagi sifatli lid va sotuvni yuboradi
Sayt yo‘q, lidlar Meta lid formasidan keladiQo‘yadigan sahifa yo‘qKerak: lid forma va CRM yetarli
Internet-do‘kon, to‘lov saytning o‘zidaKerakKerak: sayt uchun CAPI — Pixel eventlarini server orqali takrorlaydi

CAPI Platform birinchi ikki holat uchun: u CRM’dagi natijani — Bitrix24, amoCRM yoki o‘z CRM’i capiCRM’dan — Meta’ga yuboradi. Internet-do‘kondagi sayt uchun CAPI — boshqa vazifa, platforma uni bajarmaydi.

Lid ikki marta sanalmasligi uchun nima qilinadi?

Bitta hodisani ham Pixel, ham CAPI yuborsa, Meta ularni bitta deb sanashi uchun ikki shart bor: event nomi bir xil va event_id bir xil bo‘lishi kerak. Bu deduplikatsiya deyiladi. Shartlardan biri buzilsa, bitta ariza ikkita lid bo‘lib ko‘rinadi va lid narxi qog‘ozda arzonlashadi.

Meta’ning o‘zi Conversions API haqida qanday raqam beradi?

Meta e’lon qilgan sinovga ko‘ra, CRM uchun Conversions API ulangan va instant formada sifatli lidlar soniga optimallashtirilgan kampaniyalarda sifatli lid narxi o‘rtacha 19 % arzon chiqqan. Bu byudjeti nazorat qilingan A/B sinov: 567 reklama beruvchi, 2025-yil 13–27-yanvar. Manba: Meta — Conversions API for CRM.

Bu raqamni to‘g‘ri o‘qish kerak. Birinchidan, u boshqa reklama beruvchilarda o‘lchangan: CAPI Platform natijasi emas va kafolat ham emas. Ikkinchidan, sinovda signal yuborishning o‘zi emas, signal va yangi maqsad birga sinalgan: kampaniya lid soniga emas, sifatli lidga optimallashtirilgan.

CRM bo‘lsa, Conversions API qanday ulanadi?

Sayt ham, dasturchi ham kerak emas. Kerak bo‘ladigani — CRM’ga va Meta reklama akkauntiga kirish. CAPI Platform’da tartib shunday:

  1. 1

    Meta’ni ulang

    System User tokeni va Dataset (Pixel) ID kiritiladi. Platforma tokendagi ruxsatlarni shu yerning o‘zida tekshiradi.

  2. 2

    CRM’ni ulang

    Bitrix24 uchun kiruvchi webhook manzili, amoCRM uchun uzoq muddatli token kerak; CRM bo‘lmasa — platformaning o‘z CRM’i capiCRM. Oxirgi 30 kunlik tarix hisobotga yuklanadi, eski lidlar Meta’ga yuborilmaydi.

  3. 3

    Bosqichlarni signallarga bog‘lang

    Voronka sahifasida har bir CRM bosqichiga ma’no beriladi: qaysi biri yangi lid, qaysi biri sifatli lid, qaysi biri sotuv. Shunga qarab Lead, QualifiedLead va Purchase ketadi.

  4. 4

    Sinov eventini yuboring

    “Sinov eventi yuborish” tugmasi Meta’ga bitta zararsiz event jo‘natadi: token, dataset va yo‘l ishlayotgani ko‘rinadi. Events Manager’da tekshirish uchun Test event code maydoni bor.

  5. 5

    Jurnalni kuzating

    Har bir signal jurnalda turadi: vaqti, event nomi va holati. O‘tmagan signal 1 daqiqadan 24 soatgacha oraliq bilan qayta yuboriladi.

  6. 6

    Kampaniyani sifatga o‘rgating

    Ads Manager’da QualifiedLead eventidan maxsus konversiya (custom conversion) yaratiladi va kampaniya shunga optimallashtiriladi. Busiz signal Meta’ga boradi, kampaniya esa hamon lid sonini quvadi.

CAPI eventlari jurnali: Meta’ga yuborilgan Purchase, Lead va QualifiedLead eventlari, har biri “Yuborildi” holatida.
CAPI eventlar jurnali: vaqt, event va holat — Purchase, Lead, QualifiedLead. Dastur ekrani.

Pixel va CAPI bilan qanday xatolar ko‘p uchraydi?

  • “Pixel bor — Meta hammasini biladi” deb o‘ylash. Meta faqat o‘ziga aytilgan narsani biladi: Pixel sotuv bo‘limini ko‘rmaydi.
  • Leadni ikki tomondan yuborish. Umumiy event_id bo‘lmasa, bitta ariza ikkita lid bo‘lib sanaladi.
  • Eski tarixni Meta’ga yuklashga urinish. Meta 7 kundan eski eventni qabul qilmaydi. Tarix — hisobot uchun, signal — yangi lidlar uchun.
  • CRM’da bosqichlarni yuritmaslik. Bitim sotuv bosqichiga o‘tkazilmasa, Purchase ketmaydi; summa yozilmasa, sotuv summasiz ketadi.
  • Kontaktsiz lidga signal kutish. Lidda telefon, e-mail, Meta lid ID’si yoki fbclid bo‘lmasa, Meta uni hech kimga bog‘lay olmaydi: signal o‘tkazib yuboriladi va jurnalda sababi yoziladi.

CRM’dagi sotuvni Meta’ga yetkazing

Google akkauntingiz bilan ro‘yxatdan o‘tib, Meta va CRM’ni o‘zingiz ulang — yoki ariza qoldiring: 3 kunda ulab beramiz. O‘rnatish 159 $ bir marta, keyin oyiga 40 $.

Savol-javob

Pixel bor bo‘lsa, Conversions API kerakmi?

Ha. Pixel brauzerda ishlaydi va faqat saytdagi harakatni ko‘radi. Sifatli lid va sotuv CRM’da bo‘ladi — u yerda Pixel yo‘q. Conversions API shu natijani Meta’ga yuboradi, shuning uchun ular bir-birining o‘rnini bosmaydi, birga ishlaydi.

Saytim yo‘q, faqat lid forma bilan ishlayman. Pixel kerakmi?

Lid forma Facebook va Instagram ichida ochiladi — Pixel qo‘yadigan sahifa yo‘q. Bunday holda CRM uchun Conversions API’ning o‘zi ishlaydi: lid Meta lid ID’si va telefon xeshi orqali taniladi. Signal Meta’dagi datasetga boradi; platformada bu maydon “Dataset (Pixel) ID” deb ataladi.

CAPI ulangandan keyin Pixel’ni o‘chirib qo‘ysa bo‘ladimi?

Yo‘q. Saytingiz bo‘lsa, undagi tashrif va arizani Pixel ko‘radi; CRM uchun CAPI esa lid keyin nima bo‘lganini aytadi. Biri olib tashlansa, Meta voronkaning bir qismini ko‘rmay qoladi.

Pixel ham, CAPI ham bitta eventni yuborsa, lid ikki marta sanaladimi?

Event nomi va event_id bir xil bo‘lsa — yo‘q, Meta ularni bitta deb sanaydi. Bir xil bo‘lmasa — ha. Shuning uchun saytdagi Pixel Lead yuborayotgan bo‘lsa, CRM tomondagi Lead yo shu event_id bilan ketadi, yo o‘chirib qo‘yiladi.

Conversions API Meta’ga mijozning qanday ma’lumotini yuboradi?

CAPI Platform Meta’ga telefon va e-mailni faqat SHA-256 xeshi ko‘rinishida yuboradi; ular bilan birga — Meta lid ID’si, xeshlangan ichki ID, bor bo‘lsa _fbc va _fbp, event nomi, vaqti va sotuvda — summa bilan valyuta. Mijozning ismi yuborilmaydi.

CAPI’ni ulash qancha vaqt oladi va qancha turadi?

3 kun: 1-kuni CRM ulanadi, 2-kuni bosqichlar siz bilan birga signallarga bog‘lanadi, 3-kuni sinov signali ketadi. O‘rnatish — 159 $ bir marta, keyin oyiga 40 $. Batafsil: narxlar.

Manbalar

  1. 1Conversions API for CRM — Meta
  2. 2Deduplicate Pixel and Server Events — Meta for Developers
  3. 3Intelligent Tracking Prevention 2.1 — WebKit
  4. 4Reklama bloklagichlardan foydalanish statistikasi (GWI, 2025-yil 2-chorak) — Backlinko

Muallif

Sardor Rakhmonkulov

Performance-marketolog va targetolog, 6 yillik tajriba

Chiqdi: